Krouford bilan revansh bo‘lsa yo‘q demasdim — Isroil Madrimov

18-fevral 2026 09:39 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: boxingscene.com

Birinchi o‘rta vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov jiddiy jarohatlar va operatsiyalardan so‘ng ringga muvaffaqiyatli qaytdi. 24-yanvar kuni Las-Vegasda o‘tgan jangda o’zbekistonlik bokschi jarohatlar va qisqa tayyorgarlikka qaramay, dominikanlik Luis David Salazarni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etdi. Kursiv Uzbekistan bokschi bilan ushbu g‘alaba, tiklanish jarayoni va kelgusi rejalari haqida suhbatlashdi.

— 24-yanvar kuni Luis Salazarga qarshi jangdagi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Deyarli bir yillik tanaffusdan keyin ringni his qilish qiyin bo‘lmadimi? Hozir o‘zingizni jismonan qanday his qilyapsiz?

Foto: Instagram / Isroil Madrimov

— Tabrik uchun katta rahmat. Ayni paytda jismoniy holatim yaxshi, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Hozir yana ozgina jarohatlar bor, shularni ustida ishlayapmiz.

— 2025-yil o‘rtalarida tizzangiz va yelkangizda jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan edingiz. Salazarga qarshi jangda o‘sha eski jarohat bezovta qilmadimi?

— Yo‘q, avvalgi jarohatlarim ham, tizzamdan olgan jarohatlarim ham bezovta qilmadi, Xudoga shukur. O‘zimni yaxshi his qildim. Endi o‘sha jarohatlarni ustida ishlab, o‘z formamni tiklab boraveraman.

— Fevral oyida Vergil Ortizga qarshi jangdan so‘ng o‘sha kuni ham to‘liq sog‘lom bo‘lmaganingizni aytgandingiz. O‘sha holatda ringga chiqqaningizdan afsuslanmaysizmi?

Foto: Seconds Out

— Yo‘q, afsuslanmayman. Nimagaki, har bitta jang, har bitta holatimiz bizga faqatgina tajriba bo‘ladi. Shuning uchun o‘ylaymanki, bu janglar ham sportchiga kerakli tajribani yetkazib beradi.

— So‘nggi jangingizda muxlislar sizni avvalgiga qaraganda bosiqroq va ehtiyotkorroq ko‘rishdi. Bu Joel Diaz bilan ishlab chiqilgan yangi strategiyami yoki uzoq tanaffusning ta’sirimi?

— Bu jangda bosiqroq bo‘lib tushganimning sababi o‘ng qo‘limda o‘sha mashg‘ulot jarayonida olgan jarohatlar bor edi va bu zarbalarni ahamiyat bergan bo‘lsangiz, jangni oxirgi raundlarida ishlatdim. Shu sababli judayam ko‘p riskka, tavakkalga yo‘l qo‘ymadim.

— Hozirgi g‘alabadan so‘ng yana chempionlik kamariga da’vogar bo‘lish uchun nechta reyting jangi o‘tkazish kerak deb o‘ylaysiz? Promouteringiz Eddi Hirn bu yil uchun qanday yo‘l xaritasini taklif qilyapti?

Foto: Instagram / Isroil Madrimov

— Bu yilga Xudo xohlasa katta maqsadlar, rejalar niyat qilganmiz. Albatta, chempionlik kamari ham bular ichida bor. Promouterlarimiz ishlashyapti. Nasib qilsa yana bitta jang yoki undan keyingi jangim ham chempionlik uchun bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun hozir promouterlarni kutyapmiz. Yaxshi yangiliklar kutib qolamiz.

— Siz Kroufordga eng jiddiy qarshilik ko‘rsatgan bokschisiz. Undan revansh olish imkoniyati haqida nima deya olasiz? Bu eshik butunlay yopildimi?

Krouford bilan jangimiz hozirgacha ham shu muhokama qilinadi. Kanelo ustidan g‘alabadan keyin yana ham bu savollar ko‘paydi. Men bilan o‘tgan jangini eng qiyini bo‘lgan deyishadi. Albatta, yaxshi jang qilganimdan xursandman va bu yana ham menga motivatsiya beradi. Chunki dunyoning eng yaxshi bokschilari bilan tengma-teng jang qilish, albatta, meni juda xursand qiladi. Krouford bilan revanshga keladigan bo‘lsak, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shu sababli umid qilamiz, agar revansh bo‘lsa yo‘q demasdim.

— Super yarim o‘rta vaznda qolish niyatidamisiz yoki kelajakda vazn o‘zgartirish rejalari bormi?

— Hozircha shu super o‘rta vaznda qolish niyatidaman. Shu vaznni saqlab turaman, keyinchalik ko‘ramiz. Hali bu vaznda qiladigan ishlarim bor.

— Ketma-ket jarohatlar va qiyin janglardan so‘ng ruhiy tiklanish jarayoni qanday kechdi? Sizni yana cho‘qqiga intilishga undayotgan asosiy kuch nima?

Foto: Instagram / Isroil Madrimov

— Albatta, ketma-ket jarohatlar sportchiga juda xalaqit beradigan vaziyat. Chunki jarohat bu sportchini orqaga tortib va shu sportdan ketishiga ham sabab bo‘ladi. Albatta, menga ham juda qiyin bo‘ldi. Bir yil vaqt kerak bo‘ldi o‘sha jarohatlar, ruhiy holatni o‘ziga keltirib olishga. Hozir hammasi joyida va bu yilga niyatlarimiz judayam katta.

— O‘zbekistondagi muxlislaringiz sizni har qanday holatda qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ularga 2026-yil uchun nimalarni va’da qilasiz?

— Muxlislarimizga, birinchi navbatda, o‘zimni minnatdorchiligimni bildiraman. Ular biz o‘zbek sportchilarini har doim qo‘llab-quvvatlashadi. Bu bizga ruhan juda ham zarur va bundan xursand bo‘lamiz. Shuning uchun katta rahmat muxlislarga. Biz, sportchilar sizlarni chiroyli g‘alabalarimiz bilan xursand qilishda davom etamiz.

Shuningdek