
Nyu-York shtatining Bonville shahridagi cherkovda yuz bergan kuchli portlash oqibatida besh kishi jiddiy jarohat oldi. Jarohatlanganlar orasida cherkov ruhoniysi va o‘t o‘chiruvchilar bor.
Hodisa Abundant Life cherkovida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bino propan ballonlari yordamida isitilgan. O‘t o‘chiruvchilar yerto‘lada tekshiruv o‘tkazayotgan vaqtda isitish pechi yoqilgan va bu portlashni keltirib chiqargan. Oqibatda bino jiddiy shikastlangan va havoga qora tutun ko‘tarilgan.
Jarohatlanganlar orasida 43 yoshli ruhoniy Brandon Pitts va Bonville o‘t o‘chirish departamentining 43 yoshdan 71 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar xodimi bor. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, barcha jabrlanuvchilar mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan bo‘lib, ularning ahvoli og‘ir, ammo barqaror deb baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nyu-Yorkda 15 mingga yaqin hamshiralar ish tashlagani haqida xabar bergan edi.