
Opel Yevropa bozorida Opel Corsa modelining yangi — YES Special Edition talqinini taqdim etdi. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.
Maxsus versiya $26,3 mingdan boshlanadigan narxda taklif qilinmoqda va avvalo o‘zining noodatiy dizayni bilan ajralib turadi.
Avtomobil eksklyuziv Koral Orange metallik rangida bo‘yalgan bo‘lib, uzoqdan ham e’tiborni tortadi. Qora tom qismi va 16 dyuymli ikki rangli yengil qotishma disklar uning sportiv qiyofasini yanada kuchaytiradi. Bundan tashqari, model Eucalyptus Green rangida ham buyurtma qilinishi mumkin.

Salon dizayni ham tashqi ko‘rinish bilan uyg‘unlashtirilgan. Qora premium o‘rindiqlar to‘q sariq naqshlar bilan bezatilgan, eshik panellari va old panelda ham rangli aksentlar qo‘llangan. Pastki qismi tekis sport rul vegan sun’iy charm bilan qoplangan bo‘lib, zamonaviy va ekologik yondashuvni aks ettiradi.

Texnologik jihatdan Corsa YES Special Edition 10 dyuymli sensorli multimedia displeyi va 7 dyuymli haydovchi axborot ekrani bilan jihozlangan. Barcha versiyalarda raqamli displeylar qo‘llanadi, xaridor esa benzinli, gibrid yoki to‘liq elektr modifikatsiyasini tanlashi mumkin.

Qo‘shimcha paketlar orqali modelni yanada boyitish imkoniyati ham mavjud. Komfort paketi elektron qo‘l tormozi va markaziy qo‘ltiq suyanchig‘i kabi qulayliklarni taklif etsa, texnologik paket orqa ko‘rish kamerasi, parktronik va kalitsiz ishga tushirish tizimini o‘z ichiga oladi.

Shu tariqa, yangi Corsa YES Special Edition nafis uslub, zamonaviy texnologiya va individual obrazni birlashtirgan holda shahar hayoti uchun yorqin tanlov bo‘lishga intilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Opel Astra avtomobili qo‘shimcha imkoniyatlar bilan yangilanishi haqida yozgandi.