O‘zbekiston energiya tejaydigan sovitish tizimlari loyihasiga qo‘shildi

eʼlon qilindi
Tashabbus Samarqandda o‘tadigan GEF Assambleyasida taqdim etilishi kutilmoqda
O‘zbekiston energiya tejovchi sovitish loyihasiga qo‘shildi
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

O‘zbekiston energiya tejovchi sovitish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yangi mintaqaviy tashabbusga qo‘shildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Loyiha Global ekologik fond tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Ukraina va O‘zbekiston ishtirok etmoqda.

Tashabbus sanoat, qishloq xo‘jaligi va aholi ehtiyojlari uchun zamonaviy, energiya tejamkor sovitish texnologiyalariga o‘tishni tezlashtirishga qaratilgan. Global isish sharoitida sovitish uskunalariga talab ortib borayotgani sabab bu sohani modernizatsiya qilish muhim vazifaga aylangan.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Yig‘ilishda issiqxona gazlari hisoblangan gidroftoruglerodlarni bosqichma-bosqich kamaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Monreal protokolining Kigali tuzatishiga muvofiq, mamlakatlar ekologik toza muqobil texnologiyalarga o‘tish majburiyatini olgan.

Mutaxassislar hujjatni o‘z vaqtida ratifikatsiya qilish muhimligini ta’kidladi. Kelgusida ratifikatsiya qilmagan davlatlarga nisbatan savdo cheklovlari joriy etilishi mumkin.

Loyiha doirasida sovitish sektorining ehtiyojlari tahlil qilinadi, energiya tejamkor texnologiyalar namoyish etiladi, sovitkichlarni yig‘ish va qayta ishlash tizimlari takomillashtiriladi. Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash va bilim almashish masalalariga ham e’tibor qaratiladi.

Tomonlar loyiha hujjati bo‘yicha kelishib oldi. Tashabbus Samarqandda o‘tadigan GEF Assambleyasida taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda suv tanqisligiga qarshi sun’iy muzliklar barpo etilgandi. Unga ko‘ra, loyiha suv tanqisligini kamaytirish va bahor-yoz mavsumida sug‘orish uchun qo‘shimcha suv manbai yaratishga qaratilgan.

Shuningdek