Yangiliklar

O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari $205 millionlik kelishuvlarga erishdi

Mozori-Sharif shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘onistondan 150 nafar tadbirkor, O‘zbekistondan esa 50 dan ortiq kompaniya vakillari qatnashdi
O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari $205 mlnlik kelishuvlarga erishdi
Foto: Savdo-sanoat palatasi

O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari Mozori-Sharifda $205 millionlik kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi. Mozori-Sharif shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘onistondan 150 nafar tadbirkor, O‘zbekistondan esa 50 dan ortiq kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Muloqotlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda Kobul va Mozori-Sharifda o‘tgan biznes tadbirlarida qariyb 400 ta o‘zbek kompaniyalari ishtirok etgan. Ushbu uchrashuvlar natijasida umumiy qiymati $250 mlndan ziyod shartnomalar imzolangan.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Hozirda Afg‘oniston bozorida O‘zbekiston Savdo uylari faoliyat yuritmoqda. Kobuldagi savdo uyi shourum va omborxonaga ega bo‘lib, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini taklif etmoqda. Mozori-Sharifdagi savdo uyi esa qurilish materiallari, oziq-ovqat, tibbiy anjomlar, farmatsevtika va elektr texnikasi mahsulotlariga ixtisoslashtirilgan.

2025-yil yakuniga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi $1,8 mlrdni tashkil qildi. Bu 2024-yilga nisbatan 50 foizga ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Qatarda qolgan afg‘onlarni vataniga qaytarish uchun pul ajratayotgani haqida yozgan edi.