Yangiliklar

O‘zbekistonda Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi e’tirof etgan kalibrlash imkoniyatlari 2,5 barobarga oshiriladi

Xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan
Foto: O’zbekiston milliy metrologiya instituti

O‘zbekistonda Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi e’tirof etgan kalibrlash imkoniyatlari 2,5 barobarga oshiriladi. Bu haqda 16-fevral kuni e’lon qilingan prezident farmonida keltirilgan. Xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksidagi o‘rnini kamida 20 pog‘onaga yaxshilash maqsadi qo‘yilgan.

Tuzilmaviy o‘zgarishlar ham ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi O‘zbekiston akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati tugatiladi, uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari bekor qilinadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston standartlar instituti ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini o‘z tarkibiga qo‘shib olish orqali qayta tashkil etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzTest markazi tugatilib, akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazilishi haqida yozgandi.