Yangiliklar

O‘zJOKU rektori forma va kechikish voqeasiga izoh berdi

Bu kabi masalalar ichki tartib doirasida hal qilinishi lozim va ularni ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqish to‘g‘ri emas
Foto: O‘zJoku

16-fevral kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida forma kiymagan va darsga kech qolgan o‘nlab talabalar mashg‘ulotlarga kiritilmagani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Holat yuzasidan universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja munosabat bildirdi.

Rektorning ta’kidlashicha, bu kabi masalalar ichki tartib doirasida hal qilinishi lozim va ularni ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqish to‘g‘ri emas. U ayrim talabalarni «populizm» qilmaslikka va vaziyatni sun’iy ravishda keskinlashtirmaslikka chaqirdi.

«Har bir oilaning ichida muammolar bo‘ladi, lekin uni ko‘chaga olib chiqib jar solinmaydi. Bu hech qaysi madaniyatga to‘g‘ri kelmaydi», – dedi rektor.

Ichki tartib va kiyinish qoidalari

Universitet axborot xizmatining ma’lum qilishicha, oliygohda kiyinish tartibi Odob-axloq kodeksida aniq belgilangan. Har o‘quv yili boshida talaba va ta’lim muassasasi o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuziladi va unda ichki nizomlarga, jumladan, kiyinish qoidalariga rioya qilish majburiyligi ko‘rsatiladi.

Odob-axloq kodeksiga ko‘ra:

  • talabalar va xodimlar zamonaviy va rasmiy uslubdagi kiyimda bo‘lishi kerak;
  • auditoriya va xizmat xonalarida ustki kiyimda yurish taqiqlanadi;
  • tashqi ko‘rinish ozoda va pokiza bo‘lishi shart.

Kechikishlar masalasi

Rektor universitet poytaxt markazida joylashgani, transport imkoniyatlari yetarli ekanini eslatib, ayrim talabalarning muntazam kechikishini tanqid qildi. Uning aytishicha, surunkali kechikish ichki nizom buzilishi hisoblanadi.

«Ular kecha noto‘g‘ri ish qildi. O‘zi kech qolganini aytmay, masalani forma bilan bog‘lashga urindi. Forma nisbiy narsa», – dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Shuningdek, u «bilim berilmayapti» degan e’tirozlarga ham javob qaytarib, universitetda ta’lim sifati yuqori ekanini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda ijara uyini narkolaboratoriya qilgan talabalar va 9 «zakladchik» ushlangani haqida yozgandi.