Yangiliklar

Pokistonda hujum oqibatida 11 nafar harbiy halok bo‘ldi

Hujum oqibatida 12 nafar terrorist yo‘q qilindi va tinch aholi vakillari jabrlandi
Foto: Business Recorder

Pokistonning Xaybar-Paxtunxva provinsiyasi Bajaur tumanida xavfsizlik kuchlari va huquq-tartibot idoralarining qo‘shma nazorat punktiga uyushtirilgan hujumda 11 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘ldi. Harbiylar javob zarbasi davomida hujum qilgan 12 nafar terroristni yo‘q qilgan.

«Portlash zarbi natijasida infratuzilma qulab tushdi va 11 nafar jasur o‘g‘lon shahid bo‘ldi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Hujum Fitna al-Xavorij guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Terrorchilar portlovchi modda ortilgan transport vositasini post devoriga urishgan. Portlash ta’sirida yaqin atrofdagi turarjoy binolari ham zarar ko‘rgan, oqibatda bir nafar yosh qiz halok bo‘lgan hamda ayollar va bolalardan iborat yana yetti kishi jarohatlangan.

Hududda qolgan terrorchilarni aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha tozalash operatsiyalari davom etmoqda. Pokiston prezidenti Osif Ali Zardoriy va bosh vazir Shahboz Sharif hujumni keskin qoralab, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Bosh vazir Azm-i-Istehkam milliy harakat rejasi doirasida terrorizmga qarshi kurash to‘liq kuch bilan davom etishini ta’kidladi.

«Bu urushda butun millat Pokiston qurolli kuchlari bilan birga», – dedi Shahboz Sharif.

So‘nggi paytlarda Xaybar-Paxtunxva provinsiyasida terrorchilik faolligi oshgani kuzatilmoqda. Xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotlar va strategik izlanishlar markazi yillik hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda ushbu hududda zo‘ravonlik qurbonlari soni 2,3 ming kishiga yetgan, bu 2024-yildagi ko‘rsatkichdan (1620 kishi) sezilarli darajada ko‘pdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston poytaxtida Imom Buxoriy majmuasi barpo etilishi haqida xabar bergan edi.