
O‘zbekistonda Ramazon oyini diniy va milliy qadriyatlarga uyg‘un holda o‘tkazish uchun zarur tashkiliy choralar belgilandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ramazon oyida respublikadagi 2148 ta masjidning 2101 tasida taroveh namozlari o‘qiladi. Shuningdek, 1762 ta masjidda «Xatmi Qur’on» tadbirlari tashkil etiladi. Ushbu jarayonda qatnashish uchun 3642 nafar iqtidorli qori saralab olingan.
So‘nggi yillardagi ijobiy tajribadan kelib chiqib, joriy yilda ham «Xatmi Qur’on» tadbirlari barcha masjidlarda bir vaqtda boshlanib, Ramazonning 27-kuni – Laylat-ul Qadr kechasida yakunlanishi belgilangan.
Taroveh tadbirlarini tartibli o‘tkazish maqsadida Ichki ishlar, Milliy gvardiya hamda yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etiladi. Shuningdek, xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlash uchun 2104 ta maxsus texnika safarbar qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo mamlakatlarida Ramazon oyi qaysi sanadan boshlanishi haqida xabar bergan edik.