
Saharlikda oshqozonni og‘ir qilmaydigan, lekin uzoq vaqt to‘q tutadigan taom tanlash muhim. Bunda pichloqli xachapurilar to‘g‘ri tanlov bo‘ladi.
Kursiv Uzbekistan Ramazon oyida sizga saharlik va iftorlik uchun foydali taomlar retsepti bilan bo‘lishadi.
Xamir uchun
| Masalliq | Miqdori |
|---|---|
| Kefir (kam yog‘li) | 150 g |
| Smetana (15%) | 100 g |
| Un | 280–300 g |
| Tuz | 0,5 choy qoshiq |
| Iste’mol sodasi | 0,5 choy qoshiq |
| Shakar | 1 choy qoshiq |
| Eritilgan sariyog‘ | 50 g |
Ichiga
| Masalliq | Miqdori |
|---|---|
| Qattiq pishloq (kam tuzli) | 300 g |
| Smetana | 1 osh qoshiq |
| Yumshatilgan sariyog‘ | 1 osh qoshiq |
Saharlik uchun tavsiya
- Yoniga 1 dona qaynatilgan tuxum
- Ko‘kat va bodring
- Iliq ko‘k choy yoki oddiy suv
Bu variant yog‘i kamaytirilgani sababli yengilroq hazm bo‘ladi, pishloq va oqsil esa kun davomida quvvat beradi.
Tayyorlanish bosqichlari
Avvalo kefir va smetanani chuqur idishda aralashtirib oling. Ichiga tuz, shakar va iste’mol sodasini solib yaxshilab aralashtiring. Soda kefir bilan reaksiyaga kirishib, aralashma biroz ko‘piklanadi.
So‘ng eritilgan (lekin issiq bo‘lmagan) sariyog‘ni qo‘shing va aralashtiring. Unni oz-ozdan solib, yumshoq, qo‘lga yopishmaydigan xamir qorib oling. Xamirni yopib, 10–15 daqiqa tindirib qo‘ying.
Shu orada ichki qismini tayyorlang: qattiq pishloqni qirg‘ichdan chiqaring, ustiga smetana va yumshatilgan sariyog‘ qo‘shib aralashtiring.
Tingan xamirni 4 teng qismga bo‘ling. Har bir bo‘lakni aylana shaklda taxminan 5 mm qalinlikda yoying. O‘rtasiga pishloqli aralashmadan soling. Chetlarini o‘rtaga yig‘ib, yopishtiring va ortiqcha qismini olib tashlang.
Hosil bo‘lgan sharchani ehtiyotkorlik bilan 1 sm qalinlikda yana yoyib oling.
Quruq, qizdirilgan tovada past olovda pishiring. Qopqog‘ini yopib, bir tomoni qizargach, ag‘darib ikkinchi tomonini ham pishiring. Tayyor bo‘lgach, ustiga ozgina sariyog‘ surtish mumkin.
Issiq holda, ko‘kat va choy bilan saharlikka tortiladi. Yoqimli ishtaha!