
Shayxontohurdagi yong‘inda ona va ikki farzandi halok bo‘ldi, Eronda hukumatga qarshi namoyishlar qayta avj olmoqda – 18-fevral kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Taroveh namozlari o‘qiladigan masjidlarga navbatchi energetik biriktirildi

Taroveh namozlari o‘qiladigan masjidlarga navbatchi energetik biriktirildi. Bu haqda Energetika vazirligida iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz va barqaror ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unda Ramazon oyiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Yoqilg‘i-energetika obyektlaridagi asosiy va yordamchi qurilmalarning ishonchli ishlashi, aholi va ulgurji iste’molchilarga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Shayxontohur tumanidagi kuchli yong‘inda ona va ikki farzandi halok bo‘ldi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi turarjoy binosida 16-fevral kuni kechki payt kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda ona va uning ikki voyaga yetmagan farzandi halok bo‘ldi, yana 1 kishi jarohat oldi. Yong‘in haqida xabar 16-fevral kuni soat 20:51 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv brigadalari soat 21:38 da olovni o‘chirdi. Bino ichida 3 fuqaro jasadi topildi. Shuningdek, 1 kishi tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Floridadagi aeroportga Tramp nomi berilishi mumkin

Florida shtati Vakillar palatasi 17-fevral kuni Palm Beach xalqaro aeroportini prezident Donald Tramp sharafiga qayta nomlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Palatada o‘tgan ovoz berish jarayonida 81 nafar deputat taklifni qo‘llab-quvvatlagan, 30 nafari esa qarshi chiqqan.
Qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralar fonida qabul qilindi.Respublikachilar Trampni Floridadan chiqqan birinchi prezident sifatida e’tirof etish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa, demokratlar uning siyosiy merosi, jumladan, impichmentlar va sud hukmlarini ro‘kach qilib, qarshilik ko‘rsatishdi.
Eronda hukumatga qarshi namoyishlar qayta avj oldi

17-fevral kuni Eronda ommaviy namoyishlar qurbonlarini xotirlash tadbirlarida hukumatga qarshi shiorlar yangradi. Abadan va boshqa shaharlarda xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarga ko‘ra, Abadan shahrida to‘planganlar qo‘llarida gullar va qurbonlarning suratlarini ko‘tarib, «Xomanaiyga o‘lim» hamda «Shohga hamdu sanolar» deya hayqirgan. Videolardan birida o‘q ovozlari fonida odamlarning vahima ichida qochayotgani aks etgan.
O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari $205 millionlik kelishuvlarga erishdi

O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari Mozori-Sharifda $205 millionlik kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi. Mozori-Sharif shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘onistondan 150 nafar tadbirkor, O‘zbekistondan esa 50 dan ortiq kompaniyalar vakillari qatnashdi.
Muloqotlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Qayd etilishicha, 2025-yilda Kobul va Mozori-Sharifda o‘tgan biznes tadbirlarida qariyb 400 ta o‘zbek kompaniyalari ishtirok etgan. Ushbu uchrashuvlar natijasida umumiy qiymati $250 mlndan ziyod shartnomalar imzolangan
Toshkent aeroportida tuman sababli reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi

Toshkent xalqaro aeroportida kuzatilgan kuchli tuman sababli bir qator xalqaro reyslar Navoiy va Samarqand shaharlaridagi muqobil aerodromlarga yo‘nalishini o‘zgartirdi. Soat 9:52 da barcha cheklovlar bekor qilinib, aeroport odatiy ish tartibiga qaytdi.
Noqulay ob-havo sharoiti, xususan, ko‘rinish darajasining pasayishi bir necha aviakompaniya ekipajlarini zaxira aerodromlariga o‘tish haqida qaror qabul qilishga majbur etdi. Xususan, Centrum Air aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan uchib kelayotgan C6422 reysi Navoiy aeroportiga yo‘naltirildi.
Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi AQShda qanday kutib olindi

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetib keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Vashington yaqinidagi Endryus aviabazasida tantanali ravishda kutib olindi. Aeroportda prezidentni AQSh – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Missisipi shtati Milliy gvardiyasi birlashgan shtabi qo‘mondoni Djeyms Xenkins hamda boshqa rasmiy shaxslar qarshi oldi. Vashingtonda ajratilgan qarorgohda esa AQSh prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talablar yangilanishi kutilmoqda

O‘zbekistonda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hujjatlariga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha yo‘riqnoma belgilanadi. Hujjat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan.
Loyihaga ko‘ra, arizada ariza beruvchi va ishlab chiqaruvchi yuridik shaxs haqida to‘liq ma’lumot bo‘lishi kerak. Kompaniya nomi, tashkiliy huquqiy shakli, manzili, aloqa raqamlari, rahbari va mas’ul shaxslar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi. Ishlab chiqarish maydonlari bir nechta bo‘lsa, har birining manzili va faoliyat yo‘nalishi alohida ko‘rsatiladi.
Vinisiusning goli «Real Madrid»ga «Benfika» ustidan g‘alaba keltirdi

«Real Madrid» UEFA Chempionlar ligasi pley-off bosqichining dastlabki uchrashuvida mehmonda «Benfika»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning 50-daqiqasida Kilian Mbappe tomonidan uzatilgan to‘pni braziliyalik hujumchi Vinisius Junior darvozaning uzoq burchagiga aniq yo‘llab, hisobni ochdi. Goldan so‘ng futbolchining hissiyotli nishonlashi va «Benfika» futbolchisi Janluka Prestianni bilan yuzaga kelgan nizo ortidan Vinisiusga sariq kartochka ko‘rsatildi.
Irqchilik mazmunidagi haqoratlar haqidagi da’volar sababli bosh hakam Fransua Leteksye o‘yinni 10 daqiqaga to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Mehmon jamoa futbolchilari maydonni tark etishdi, biroq vaziyat biroz tinchigach, o‘yin qayta tiklandi. Lissabondagi «Estadio da Luz» stadionida kechgan bahsni 66,3 ming nafar tomoshabin bevosita kuzatib bordi.
Motorola FIFA World Cup 26 Edition smartfonini taqim etadi

Motorola kompaniyasi 2026-yilgi FIFA Jahon chempionati bag‘ishlangan maxsus smartfonlarini ishlab chiqarishda davom etmoqda. Bu haqda GSMArena ma’lum qildi.
Hozirgacha kompaniya Razr 60 FIFA World Cup 26 Edition modelini taqdim etgan va yaqinda Signature hamda Razr Fold modellarining FIFA World Cup 26 mavzusidagi maxsus versiyalari haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Yaqin manbalarga ko‘ra, bu yangi model Motorola Edge 70 Fusion FIFA World Cup 26 Edition bo‘lib, FIFA 2026 hamkorligi doirasida ishlab chiqilmoqda.