Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon oyi bilan tabrikladi

eʼlon qilindi
Davlat rahbari o‘z murojaatida muqaddas oy mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli ekanini ta’kidladi
Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 18-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat ahliga Ramazon oyi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z murojaatida muqaddas oy mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli ekanini ta’kidlab, yurtimizga Ramazonni tinchlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun shukronalik izhor etdi.

Qayd etilishicha, Ramazonni munosib o‘tkazish maqsadida joylarda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalla va uy-joylarni obod qilish, masjid va madrasalarni tartibga keltirish, keksalar, nogironlar va yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, iftor va ibodat marosimlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezident o‘z murojaatida keyingi yillarda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy adolatni qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. 2026-yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilingani ham aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar merosini asrash va targ‘ib qilish borasidagi ishlar davom ettirilayotgani aytib o‘tildi. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasi bunyod etilgani alohida ta’kidlandi.

Murojaat yakunida davlat rahbari xalqimizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlarga tinchlik va farovonlik tilab, Ramazon oyining barcha ibodat va ezgu amallar ijobat bo‘lishini so‘radi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramazon munosabati bilan barcha hududlarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek