Yangiliklar

Toshkent aeroportida tuman sababli reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi

To‘rtta xalqaro parvoz Navoiy va Samarqand shaharlaridagi aerodromlarga yo‘naltirildi
Foto: Simple Flying

Toshkent xalqaro aeroportida kuzatilgan kuchli tuman sababli bir qator xalqaro reyslar Navoiy va Samarqand shaharlaridagi muqobil aerodromlarga yo‘nalishini o‘zgartirdi. Soat 9:52 da barcha cheklovlar bekor qilinib, aeroport odatiy ish tartibiga qaytdi.

Noqulay ob-havo sharoiti, xususan, ko‘rinish darajasining pasayishi bir necha aviakompaniya ekipajlarini zaxira aerodromlariga o‘tish haqida qaror qabul qilishga majbur etdi. Xususan, Centrum Air aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan uchib kelayotgan C6422 reysi Navoiy aeroportiga yo‘naltirildi.

Centrum Air
Foto: Centrum Air

Shuningdek, yana uchta reys Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘nalish oldi. Ular qatorida Turkish Airlines kompaniyasining Istanbuldan kelayotgan THY368 reysi hamda Centrum Air aviakompaniyasining Jidda (C6322) va Guanchjou (C6512) shaharlaridan Toshkentga qaytayotgan samolyotlari bor.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, soat 9:52 da Toshkent xalqaro aeroportida joriy qilingan barcha cheklovlar olib tashlangan. Ayni damda aeroport jadval asosida, odatiy ish rejimida faoliyat yuritmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qarshi xalqaro aeroporti jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.