Avto

Toyota Corolla va RAV4 avtomobillarining narxi pasaydi

Toyota Crown modeli Xitoyda deyarli sotilmayapti
Toyota Corolla va RAV4 avtomobillarining narxi pasaydi
Foto: You Tube

Xitoyda Toyota Corolla va Toyota RAV4 narxlari sezilarli pasaymoqda. Bu haqda Kursiv Media ma’lum qildi. Mamlakatda Yaponiya avtomobillari yangi bosim ostida qolmoqda.

Avtobloger Sergey Gilevich ma’lumotiga ko‘ra, Corolla narxi yaqin oylar ichida yana pasayishi mumkin. Hozir Xitoyda model taxminan $16 ming atrofida taklif qilinmoqda. Mutaxassislar yarim yil ichida narx $13 minggacha tushishini taxmin qilmoqda. Bu Corolla’ni bozorning eng arzon xorijiy brend sedanlaridan biriga aylantirishi mumkin.

Corolla

Foto: You Tube

Xitoyda Corolla ikki asosiy variantda taqdim etiladi. Gibrid versiya 1,8 litrli 95 ot kuchiga ega benzin dvigatel va 90 ot kuchli elektromotor kombinatsiyasiga ega. Umumiy quvvat 130 – 140 ot kuchi atrofida.

Benzinli versiyada esa 2 litrli 175 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan.

Salon materiallari oddiyroq. Qattiq plastik va sodda mato ishlatilgan. Multimedia tizimi tezkor emas. Fizik tugmalar kam. Shunga qaramay, ergonomika qulay. Hatto baland haydovchi ham o‘zini bemalol his qiladi. Past narx fonida ko‘pchilik xaridorlar bu kamchiliklarni e’tiborsiz qoldirmoqda.

RAV4

Foto: You Tube

Yangilangan oltinchi avlod RAV4 Xitoyda hanuz mashhur krossoverlardan biri hisoblanadi. Biroq u ham mahalliy raqobatchilar bosimini his qilmoqda.

Gibrid yuqori versiya yumshoq yurishi bilan ajralib turadi. Ammo boshqaruv va material sifati bo‘yicha BYD Galaxy L7 hamda Geely Monjaro kabi modellardan ortda qolayotgani aytilmoqda.

Salon qariyb 60 foiz plastikdan iborat. Yuqori komplektatsiyalarda old o‘rindiqlar shamollatiladi. Yukxona hajmi 570 litr. Zaxira g‘ildirak bor. Bir nechta USB-C portlari mavjud.

Gibrid versiya 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 8 soniyada chiqadi. U sof benzinli variantga nisbatan chaqqonroq seziladi.

Crown savdosi to‘xtadi

Foto: You Tube

Toyota Crown modeli Xitoyda deyarli sotilmayapti. Ayrim dilerlar hatto test-drayv uchun avtomobil ajratmayapti. Bu Yaponiya brendi uchun ogohlantiruvchi signal bo‘ldi.

Toyota uzoq yillik ishonchliligi bilan tanilgan. Biroq Xitoyda elektromobillar va yuqori texnologiyali modellarga talab oshgan. Shu sabab kompaniya narxlarni tushirish va chegirmalar berishga majbur bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toyota Highlander 2026 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.