Yangiliklar

Tramp tariflari sababli Mercedes-Benz ishlab chiqarish strategiyasini o‘zgartirmoqda

Kompaniyaning daromadi 57 foizga kamaydi
Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan 25 foizlik avtomobil tariflari fonida o‘zining global ishlab chiqarish tarmog‘ini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CarBuzz nashri xabar berdi.

Tariflar va Xitoy bozoridagi talabning susayishi sababli o‘tgan yili kompaniyaning guruh bo‘yicha foiz va soliqlar to‘lashdan oldingi daromad ko‘rsatkichi 57 foizga qulab, 13,6 mlrd yevrodan 5,8 mlrd yevroga tushib ketdi. Agar yangi bojxona to‘lovlari bo‘lmaganida, avtomobil bo‘linmasining sotuv rentabelligi amaldagi 5 foiz o‘rniga 6,1 foizni tashkil etgan bo‘lar edi.

Foto: Mercedes-Benz

Moliya yo‘qotishlarini kamaytirish uchun kompaniya Alabama shtatidagi Tuscaloosa zavodini shunchaki ishlab chiqarish markazi emas, balki strategik himoya vositasi sifatida ishlatishga qaror qildi. Rejaga ko‘ra, yuqori talabga ega modellar import qilinmasdan, aynan AQSh bozorining o‘zida ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga, samaradorlikni oshirish maqsadida 2026-yilda Meksikadagi Compas qo‘shma korxonasida avtomobil yig‘ish to‘xtatiladi va ishlab chiqarish hajmi Vengriya kabi arzonroq resursga ega Yevropa markazlariga o‘tkaziladi.

Foto: Mercedes-AMG

Mercedes-Benz 2027-yilga kelib avtomobil tannarxi va qat’iy belgilangan xarajatlarni 2024-yilgi darajaga nisbatan 10 foizga qisqartirishni maqsad qilgan. Yangi operatsion modelga asosan, kompaniya endilikda global savdo hajmini oshirishga emas, balki marjani saqlab qolish va geosiyosiy o‘zgarishlarga moslashuvchanlikka ustuvorlik beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mercedes-AMG yana 6 silindrli dvigatellarga qaytayotgani haqida xabar bergan edi.