Yangiliklar

Yevropaning 29 ta davlatida chikungunya virusi tarqalish xavfi yuzaga keldi

Global isish sababli xavfli virus tashuvchi chivinlar Yevropa mintaqasiga kirib bormoqda
Foto: zelenagazeta.com

Britaniya ekologiya va gidrologiya markazi ekspertlari Yevropaning 29 ta davlatida chikungunya virusi avj olishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda DW nashri xabar bermoqda.

Global isish oqibatida ilgari faqat tropik o‘lkalarda uchraydigan va virus tashuvchi hisoblangan Aedes chivinlari endilikda Yevropada ham ko‘paymoqda.

Chikungunya virusi insonlarda kuchli holsizlik va bo‘g‘imlarda azobli og‘riqni keltirib chiqaradi. Bu kasallik, ayniqsa, bolalar va keksalar uchun o‘lim xavfini tug‘dirishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, bemorlarning 40 foizi tuzalganidan so‘ng ham besh yil davomida artritdan aziyat chekadi. So‘nggi yillarda Yevropaning 10 ta davlatida virus bilan kasallanishning kam sonli holatlari qayd etilgan.

Foto: RBK

2025-yilda Fransiya va Italiyada yuzlab kasallanish holatlari kuzatilgan bo‘lib, bu virusning keng tarqalishidan dalolat beradi. Buyuk Britaniya va Germaniyada ham virus tashuvchi chivinlar aniqlangan, biroq hozircha bu hududlarda kasallikning ommaviy avj olishi qayd etilmagan.

Olimlarning tahliliga ko‘ra, mavjud iqlim sharoitida Ispaniya, Portugaliya, Italiya va Gretsiyada chivinlar orqali kasallik yuqish xavfi yiliga 6 oydan ko‘proq davom etishi mumkin. Belgiya, Fransiya, Germaniya, Shveysariya va yana o‘nga yaqin Yevropa davlatlarida esa bu xavf 3–5 oy davom etishi prognoz qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiyada parranda grippi sababli eng yuqori ogohlantirish darajasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.