
Rossiyada 1970-yilda ishlab chiqarilgan birinchi seriyadagi VAZ-2101 («Jiguli») sotuvga chiqarildi. Avito.ru’ga ko‘ra, 1970-yilda atigi 21,5 ming dona sedan ishlab chiqarilgan.
Shu bois ilk nusxalar 1980-yillardagi ommaviy modellariga qaraganda ancha noyob hisoblanadi. Sotuvga qo‘yilgan avtomobil 35,3 ming km yo‘l bosgan. Egasi mashina ehtiyotkorlik bilan foydalanilgani va qishda haydalmaganini bildirgan.

Salon, disklar va asosiy agregatlar original holatda saqlangan. Kuzovga faqat kosmetik bo‘yoq berilgan, metall qismi payvand qilinmagan. Kapot ostida 1,2 litrli zavod dvigateli va original uzatmalar qutisi mavjud.

Avtomobil AvtoVAZning 50 yillik tadbirlarida qatnashgan va ko‘rgazmada 2-o‘rinni olgan. Noyob model uchun 2,1 mln rubl (333,3 mln so‘m) so‘ralmoqda. O‘zbekiston sharoitida bu narxga yangi Kia Carens xarid qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 72 ot kuchiga ega «Jiguli» eski Damas narxida sotilayotgani haqida xabar berilgandi. Avtomobil 38 yoshda bo‘lgani sababli uni kolleksionerlar uchun noyob nusxa deb baholash mumkin.