
General Motors 2027-yilgi Chevrolet Tracker MHEV (Mild Hybrid Electric Vehicle) modelini yaqin kunlarda Braziliyada taqdim etadi. Bu haqda GM Authority xabar berdi.
Model brendning mamlakatdagi ilk flex-fuel gibrid avtomobillaridan biri bo‘ladi. Braziliya Chevrolet uchun eng yirik ishlab chiqarish va savdo bozorlaridan biri.
Yangi Tracker mild-hybrid versiyasi 2027-yilgi model qatoridagi eng muhim yangilik sifatida ko‘rilmoqda. U kompaniyaning elektrlashtirilgan avtomobillar ulushini kengaytirish rejasida asosiy o‘rin tutadi. Model etanol bilan ishlay oladigan yangi flex-fuel dvigatel bilan jihozlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilgi Chevrolet Tracker MHEV Braziliyada ishlab chiqilgan va mahalliy muhandislar tomonidan tayyorlangan. Avtomobil GM’ning San-Kayetanu-du-Sul zavodida ishlab chiqariladi. Ushbu korxona yangi versiyani nafaqat Braziliya, balki boshqa Lotin Amerikasi davlatlari uchun ham ishlab chiqaradi.
Yangi model 48 voltli gibrid tizim bilan jihozlanadi. Tizim ichki yonuv dvigateliga yordam beruvchi elektr motorni o‘z ichiga oladi. Bu yonilg‘i sarfini va chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, avtomobilda regenerativ tormozlash, stop-start funksiyasi va batareyani aqlli boshqarish tizimi mavjud bo‘ladi.

Gibrid tizim 1,0 va 1,2 litrli uch silindrli dvigatellarga qo‘shimcha quvvat beradi. Tashqi dizaynda katta o‘zgarishlar kutilmayapti. Tracker MHEV yuqori komplektatsiyalarda standart dvigatel sifatida taklif qilinishi mumkin.
Rasmiy texnik tafsilotlar hali e’lon qilinmagan. Biroq yangi model yaqin haftalarda Braziliya ichki bozorida sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Tracker 2026 avtomobilining ichki qismi namoyish qilingandi. Premier talqinida 8 dyuymli raqamli asboblar paneli paydo bo‘ldi. Markazda esa 11 dyuymli MyLink multimedia o‘rnatilgan.