
Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi giyohvandlik kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyatda qatnashgan shaxslarga 15 yillik hukm berildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida 2005 va 2006-yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaro davlat chegarasini buzgan holda Tojikiston Respublikasidan 20 kg 374 gr «opiy» va 41 kg 668 gr «gashish» moddalarini olib kelgan vaqtda ushlandi.
Qo‘shimcha tadbirlar natijasida ularning jinoiy sheriklari — Uzun tumanida yashovchi, 2000 va 2004-yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs hamda narkotik moddaning buyurtmachisi bo‘lgan Denov shahrida istiqomat qiluvchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.
O‘tkazilgan tergov harakatlari va dalillar asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi ularni Jinoyat kodeksining 223, 246 va 273-moddalari bilan aybli deb topdi va har biriga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati va Andijonda yirik narkolabratoriya aniqlangan edi.