
AQShda o‘tkazilgan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, elektromobil egalari ularning imkoniyatlaridan yuqori darajada mamnun. J.D. Power tomonidan o‘tkazilgan 2026 US Electric Vehicle Experience tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 96 foizi keyingi avtomobil xaridida ham elektromobilni ko‘rib chiqishini bildirgan.
1000 ballik tizim bo‘yicha premium segmentdagi elektromobillar egalari qoniqish darajasi 652 ballni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 101 ballga yuqori. Ommaviy (mass-market) segmentda esa ko‘rsatkich 511 ballga yetib, 2025-yilga qaraganda 115 ballga oshgan.
Tadqiqot AQShda o‘tkazilgan bo‘lib, mamlakatda elektromobillar uchun infratuzilma yaxshi rivojlangani ham muhim omil sifatida qayd etiladi.
Eng yuqori baholangan modellar
Umumiy reyting va premium segmentda birinchi o‘rinni Tesla Model 3 egalladi — 804 ball. Ikkinchi o‘rinda Tesla Model Y (797 ball), uchinchi o‘rinda esa BMW i4 (795 ball) qayd etildi.
Ommaviy segmentda yetakchilikni Ford Mustang Mach-E 760 ball bilan qo‘lga kiritdi. Undan keyin Hyundai IONIQ 6 (748 ball) va Kia EV9 (745 ball) joy oldi. Ushbu toifada ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farq juda kichik ekani ta’kidlanadi.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, elektromobillar egalari orasida ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga qaytish istagi juda past va elektr transportiga qiziqish barqaror o‘sishda davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Song Ultra elektromobili qanday narxda sotilishi haqida yozgandi.