
Bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan blogerlar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita o‘rganishlari davomida bir necha yuz minglab kuzatuvchiga ega ayrim blogerlar o‘z sahifalarida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgani aniqlangan. Shuningdek, qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari orqali joylashtirilgan videoroliklar ham kuzatildi.
Bu holatlar blogerlar F.Shirinboyeva (@clemenskoelpin) va D.Baxtiozin (@mjova41, @Damirrxon) sahifalariga tegishli ekani ma’lum qilindi. Mazkur holatlar yuzasidan blogerlar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.
«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi. Bunday reklama uchun javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi 70 ga yaqin veb-sayt bloklangandi. Unga ko‘ra, joriy yilda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 86 ta veb-saytlar haqida tegishli nazorat organiga ma’lumotlar kiritildi. Shundan 70 ga yaqin sayt qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning tarqalishini oldini olish maqsadida belgilangan tartibda bloklandi.