
O‘zbekistonlik short-trekchi Daniil Yeybog Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. Sportchi 500 metr masofaga kechgan chorak final bahsida marraga 5-bo‘lib yetib keldi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi.

Daniil Yeybog avvalroq 1500 metr masofadagi bahslarda ham ishtirok etib, musobaqani umumiy hisobda 14-o‘rinda yakunlagan edi. «B» finalida qatnashgan hamyurtimiz o‘z guruhida marraga 5-bo‘lib yetib keldi. Bu natija unga yakuniy protokolda 14-pog‘onani taqdim etdi.

Garchi sportchi asosiy finalga yo‘l ololmagan bo‘lsa-da, uning dunyoning eng kuchli short-trekchilari qatorida munosib raqobat ko‘rsatganini ta’kidladi MOQ rasmiy kanali. Shu tariqa, Yeybog uchun to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi o‘z nihoyasiga yetdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Daniil Yeybog qishki Olimpiadada 14-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edi.