Dunyodagi eng kichik QR-kod Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

19-fevral 2026 10:24 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: tuwien.at

Vena texnologiya universiteti va Cerabyte kompaniyasi hamkorlikda dunyodagi eng kichik QR-kodni yaratib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. 1,98 kvadrat mikrometr maydonni egallagan ushbu kod ko‘plab bakteriyalardan ham kichikroqdir.

QR-kod shunchalik kichikki, uni oddiy optik mikroskopda ko‘rib bo‘lmaydi, o‘qish uchun esa elektron mikroskop talab etiladi. Kodning alohida piksellari 49 nanometr o‘lchamda bo‘lib, bu ko‘rinadigan yorug‘lik to‘lqin uzunligidan qariyb o‘n barobar kichikdir. Ginnes tomonidan tasdiqlangan ushbu rekord avvalgi eng kichik koddan 37 foizga ixchamroq ekani qayd etildi.

Foto: tuwien.at

«Biz yaratgan tuzilma juda mayda, ammo barqaror va qayta o‘qilishi mumkin», — dedi professor Paul Mayrxofer.

Tadqiqotchilar ma’lumotlarni uzoq muddat saqlash maqsadida yuqori mustahkamlikka ega yupqa keramik plyonkalardan foydalanishdi. Ushbu texnologiya yordamida bitta A4 formatidagi varaq yuzasida 2 terabaytdan ortiq ma’lumot saqlash imkoniyati mavjud.

Foto: tuwien.at

Keramika asosidagi ma’lumot tashuvchilar energiyasiz va sovitish tizimisiz ishlaydi, bu esa zamonaviy ma’lumot markazlarining elektr sarfini kamaytirishga xizmat qiladi. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu usul qadimgi tosh bitiklari kabi ma’lumotlarni asrlar va hatto ming yillab saqlash imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram 2025-yilda rekord darajada kontentlarni bloklagni haqida xabar bergan edi.

Shuningdek