
19-fevral sanasi ovoz yozish texnologiyasining yaratilishi, koinotni zabt etishdagi yangi qadamlar va siyosiy maydondagi keskin o‘zgarishlar bilan tarixda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1878-yili amerikalik ixtirochi Tomas Edison o‘zining eng mashhur kashfiyotlaridan biri – fonograf uchun patent oldi. Bu qurilma ovozni yozib olish va qayta eshittirish imkonini beruvchi dunyodagi ilk mexanizm bo‘lib, musiqa va audio sanoatida inqilobiy o‘zgarish yasadi. Dastlabki sinov paytida Edisonning o‘zi qurilmaga bolalar qo‘shig‘ini o‘qib bergan edi va bu texnologiya keyinchalik grammofonlarning yaratilishiga asos bo‘ldi.

Oradan yillar o‘tib, 1940-yili Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov dunyoga keldi. U mustaqillik yillarida mamlakatni boshqarib, betaraf davlat maqomini mustahkamladi va o‘ziga xos siyosiy tuzum hamda mafkurani shakllantirdi. Niyozovning davrida mamlakatda keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirildi, biroq uning boshqaruvi shaxsga sig‘inish siyosati bilan ham tarixda qoldi.

1986-yilda Sovet Ittifoqi koinotni o‘rganish tarixida yangi sahifa ochib, «Mir» orbital stansiyasining asosiy blokini orbitaga chiqardi. Bu insoniyat tarixidagi birinchi modulli kosmik stansiya bo‘lib, u 15 yil davomida faoliyat yuritdi va turli davlat kosmonavtlari ishtirokida 23 mingdan ortiq ilmiy tajribalar o‘tkazish maydoniga aylandi. «Mir» keyinchalik Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ni yaratishda muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi.

1997-yil Xitoy xalqi uchun yo‘qotish yili bo‘ldi: XX asrning buyuk islohotchisi va davlat arbobi Den Syaopin vafot etdi. Garchi u rasman davlat rahbari lavozimini egallamagan bo‘lsa-da, aynan uning «ochiq eshiklar» siyosati va bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturi Xitoyni qashshoqlikdan qutqarib, jahonning iqtisodiy gigantiga aylantirdi. Uning «Xitoycha o‘ziga xoslikka ega sotsializm» nazariyasi bugungi kunda ham mamlakat rivojining asosi hisoblanadi.

Yaqin tarixda, 2008-yili Kubani qariyb yarim asr davomida boshqargan Fidel Kastro katta siyosatdan ketishini e’lon qildi. 1959-yilgi inqilobdan so‘ng hokimiyatga kelgan «Komandante» sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Davlat kengashi raisi va Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni vakolatlarini topshirishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini ukasi Raul Kastro egalladi va bu voqea Kuba tarixida bir davrning yakuni sifatida baholandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 18-fevral sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.