
Geely kompaniyasining Geely Galaxy Starshine 6 avtomobili yangilandi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Sedan kattaroq 28,3 kVt/soat batareya bilan jihozlandi. To‘liq elektr rejimida 170 km yuradi, bu oldingi talqindan 45 km ko‘p. Hisob-kitob CLTC sikliga asoslangan.
Avtomobil o‘lchamlari o‘zgarmagan. Uzunligi 4806 mm, kengligi 1886 mm, balandligi 1490 mm. G‘ildirak bazasi 2756 mmni tashkil etadi.

Old qismda xrom bezakli trapetsiyasimon radiator panjarasi bor. Orqa qismda uzluksiz chiroqlar qo‘llangan. Kuch qurilmasi 1,5 litrli atmosferali dvigateldan iborat. Uning quvvati 82 kVt yoki 110 ot kuchi. Elektromotor tafsilotlari rasman tasdiqlanmagan.
Amaldagi model 8,5 va 17 kVt/soatli LFP batareya bilan taklif etiladi. Ular mos ravishda 60 va 125 km elektr masofa beradi. Hozirgi versiya Xitoyda 74 800–105 800 yuan ($10,8 ming–$15,3 ming) narxda sotilmoqda.
Savdo 2025-yil oktabrda boshlangan. Birinchi oyda 1,5 ming dona sotilgan. Dekabrda ko‘rsatkich 8,7 ming donagacha yetgan.

Shuningdek, metanolga asoslangan PHEV versiya ham paydo bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qilgani haqida yozgan edi.