
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP) fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga ko‘chalarga temir panjaralar o‘rnatilishi yuzasidan deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda partiyaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
So‘rovga sabab sifatida poytaxt ko‘cha va yo‘llarida yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralarni o‘rnatish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar hamda ushbu ishlarga Davlat budjetidan 8,4 mlrd so‘m ajratilgani ko‘rsatilgan.
Deputat so‘rovida bir qator savollar o‘rtaga tashlangan. Jumladan, temir panjaralar o‘rnatilishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qanchalik xizmat qilishi asoslantirilgani so‘ralgan. Shuningdek, ushbu qaror qabul qilinishidan oldin ekspertlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganmi, ilmiy va tahliliy ma’lumotlar mavjudmi, degan masalalar ham ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, aholi zich joylashgan hududlarda piyodalar uchun qulay va xavfsiz o‘tish joylarini tashkil etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani, o‘rnatilayotgan panjaralar qaysi normativ-huquqiy hujjatlar va standartlar asosida loyihalashtirilayotgani yuzasidan izoh so‘ralgan.
Deputatlik so‘rovida «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq, ushbu dolzarb ijtimoiy masala bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish talab qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil may oyida poytaxtda temir panjara va qavariq yo‘laklar uchun 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani haqida yozgandi.