Banklar va moliya

Kreditni kechiktirishda ayollarga nisbatan erkaklar ulushi yuqori — tadqiqot

Daromad oshgani sari kreditni kechiktirish kamayadi
O‘zbekistonda ipoteka bozori: tijoratlashtirish, yashil standartlar va past foizli kreditlar
Foto: depositphotos

Ayollar kreditni o‘z vaqtida qaytarishda erkaklarga nisbatan intizomliroq. Yoshlar esa yoshi kattalarga qaraganda kreditni ko‘proq kechiktiradi. Bu haqda Markaziy bank Statistika va tadqiqotlar departamenti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida e’lon qilindi.

Tahlilda 2025-yil 1-dekabr holatiga jismoniy shaxslarning kredit portfeli ma’lumotlari o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra, ayollarning kreditni qaytarish darajasi erkaklarga nisbatan yuqori.

Daromad bilan kreditni qaytarish o‘rtasida ham bog‘liqlik bor. Daromad oshgani sari kreditni kechiktirish kamayadi. Aksincha, kredit summasi kattalashgani sayin kechiktirish ehtimoli ortadi.

Shuningdek, tahlillar kredit muddati va kredit risk darajasi o‘rtasida chiziqli bo‘lmagan bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, muddati 3 yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha kreditlarni kechiktirish darajasi oshib borgan bo‘lsa (eng yuqori ko‘rsatkich 19,8%), muddati 3 yildan ortiq kreditlar bo‘yicha kechiktirish darajasi pasayib borgan.

Onlayn kreditlar ko‘proq kechiktiriladi

Onlayn olingan kreditlar oflayn kreditlarga nisbatan ko‘proq kechiktiriladi. Shuningdek, bir kishida kredit shartnomalari soni oshgani sari to‘lov intizomi yomonlashadi.

Ta’minot turiga qarab ham farq bor. Eng yuqori kechiktirish darajasi mulk huquqi bilan ta’minlangan kreditlar bo‘yicha (erkaklarda 32,8%, ayollarda 25%) hamda sug‘urta bilan ta’minlangan kreditlarda (mos ravishda 21,3% va 20%) kuzatilgan.

Qo‘shma qarz oluvchisi bor kreditlarda esa kechiktirish darajasi pastroq bo‘lgan. Tadqiqot doirasida logit modeli orqali qo‘shimcha tahlil ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra, ayollarda kreditni kechiktirish ehtimoli past. Yosh oshgani sari ham kechiktirish kamayadi. Xususan, kechiktirilgan shartnomalarning sezilarli qismi 20 – 35 yosh oralig‘idagi qarz oluvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kreditlarga talablarni qat’iylashtirish kerak

Mutaxassislar banklarga bir qator takliflar berdi. Jumladan, erkaklar va yoshlar uchun risk bahosini alohida ko‘rib chiqish, onlayn kreditlarga talablarni qat’iylashtirish tavsiya etildi. Shuningdek, mijozlarga eslatma xabarlarini turli shaklda yuborish va kredit shartlari haqida ko‘proq ma’lumot berish taklif qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov chakana kreditlash hajmining oshishiga qarshi emasligini, biroq jarayonning sifati muhimligini ta’kidlagandi. Regulyator fuqarolar daromadiga mos kelmaydigan qarz yukiga botib qolishidan ogohlantirmoqda.