Markaziy bank o‘zbek tilida ishlovchi Speech-to-Text texnologiyasini joriy qilmoqda

Markaziy bank AI Challenge hakatoni doirasida ilgari surilgan innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish bosqichiga o‘tdi. Bu haqda regulyatorning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Tadbirda Speech-to-Text (STT) modeli challenge doirasida tanlab olingan yechimlarning birinchi yo‘nalishi bo‘ldi. Ushbu model o‘zbek tilida, turli shevalar va bank terminologiyasini aniqlik bilan tushunishga qodir bo‘lib, bank tizimiga integratsiya qilinadi. Bu texnologiya murojaatlarni tezkor qayta ishlash, call-markaz faoliyatini optimallashtirish va ichki hujjatlashtirish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.
Ikkinchi yo‘nalish — RAG (Retrieval-Augmented Generation) texnologiyasiga asoslangan virtual assistentni sinovdan o‘tkazish. U normativ-huquqiy hujjatlar va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, xodimlarga aniq va tezkor javoblar taqdim etadi, qaror qabul qilish samaradorligini oshiradi.
Barcha yechimlar Markaziy bankning ichki serverlarida joriy etiladi, shuning uchun ma’lumotlar maxfiyligi va bank siri to‘liq ta’minlanadi.
Shu bilan birga, tadbirda Global Move va Balcom Soft startaplari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank yettita bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llagani haqida yozgandi.