
O‘zbekiston prezidentining AQShga amaliy tashrifi doirasida Nyu-Yorkda Xalqaro Turon federatsiyasi vakillari tomonidan ramziy tabrik aksiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Dunyo AA xabar bermoqda.
Aksiya doirasida Tayms-skver maydonidagi raqamli LED-billboard displeylari va shahar bo‘ylab harakatlanayotgan maxsus treklarning multimedia ekranlarida videoroliklar ko‘rsatildi. Unda o‘zbek sportchilarining xalqaro musobaqalardagi yutuqlari va milliy sportni rivojlantirishga qaratilgan ishlar aks etgan.
Namoyish etilgan lavhalarda sportchilarning g‘alabalari, taqdirlash marosimlari, shuningdek, jismoniy tarbiya va ommaviy sportga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli yordam o‘z ifodasini topdi.

Ushbu tadbir prezidentning sportni rivojlantirish, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish va o‘zbek sportining xalqaro nufuzini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik belgisi sifatida tashkil etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev AQSh savdo vakili bilan JSTga a’zolikni muhokama qilgani haqida xabar bergan edi.