2030-yilgacha 5 ta davlat banki sotiladi: xususiylashtirish 2027-yildan boshlanadi

O‘zbekistonda 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirish rejalashtirilmagan. Bu haqda joriy yilning 16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ma’lum qilindi.
Hozirda davlatga tegishli to‘qqizta bank mavjud. Bular Milliy bank, «Agrobank», «Sanoatqurilishbank», «Asakabank», Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Turonbank» hisoblanadi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda davlat banklari soni o‘zgarmaydi. Xususiylashtirish jarayoni 2027-yildan boshlanadi. Rejaga ko‘ra, 2027-yilda davlat banklari soni 7 taga, 2028-yilda 6 taga, 2029-yilda 5 taga, 2030-yilda esa 4 taga kamayadi. Demak, 2030-yilgacha 5 ta davlat banki sotilishi rejalashtirilgan. Qaysi banklar davlat tasarrufida qolishi aniq ko‘rsatilmagan.
Yangilangan strategiya avvalgi loyihadan farq qiladi. 2025-yil dekabr oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan variantda 2026-yildan boshlab har yili kamida bitta davlat bankini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan edi. 2023-yil sentabrda qabul qilingan eski strategiyada esa davlat ixtiyorida 3–4 ta bank qoldirilishi rejalashtirilgan edi.
Davlat banklarini xususiylashtirish bo‘yicha ayrim jarayonlar davom etmoqda. 2025-yil dekabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Asakabankning 15 foiz ulushini sotib olishi ma’lum qilingan. Ushbu ulush 2026-yilda bank aksiyadorlik tuzilmasiga kiritiladi.
Avvalgi e’lon qilingan Iqtisodiyot va moliya vazirligi strategiyasiga ko‘ra, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» bo‘yicha xususiylashtirish jarayoni 2026 – 2027-yillarga mo‘ljallangandi.