Banklar va moliya

2030-yilgacha 5 ta davlat banki sotiladi: xususiylashtirish 2027-yildan boshlanadi

Hozirda davlatga tegishli to‘qqizta bank mavjud
O‘zbekiston beshta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirish rejalashtirilmagan. Bu haqda joriy yilning 16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ma’lum qilindi.

Hozirda davlatga tegishli to‘qqizta bank mavjud. Bular «Milliybank», «Agrobank», «Sanoatqurilishbank», «Asakabank», Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Turonbank» hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda davlat banklari soni o‘zgarmaydi. Xususiylashtirish jarayoni 2027-yildan boshlanadi. Rejaga ko‘ra, 2027-yilda davlat banklari soni 7 taga, 2028-yilda 6 taga, 2029-yilda 5 taga, 2030-yilda esa 4 taga kamayadi. Demak, 2030-yilgacha 5 ta davlat banki sotilishi rejalashtirilgan. Qaysi banklar davlat tasarrufida qolishi aniq ko‘rsatilmagan.

Yangilangan strategiya avvalgi loyihadan farq qiladi. 2025-yil dekabr oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan variantda 2026-yildan boshlab har yili kamida bitta davlat bankini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan edi. 2023-yil sentabrda qabul qilingan eski strategiyada esa davlat ixtiyorida 3-4 ta bank qoldirilishi rejalashtirilgan edi.

Davlat banklarini xususiylashtirish bo‘yicha ayrim jarayonlar davom etmoqda. 2025-yil dekabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Asakabankning 15 foiz ulushini sotib olishi ma’lum qilingan. Ushbu ulush 2026-yilda bank aksiyadorlik tuzilmasiga kiritiladi.

Avvalgi e’lon qilingan Iqtisodiyot va moliya vazirligi strategiyasiga ko‘ra, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» bo‘yicha xususiylashtirish jarayoni 2026 – 2027-yillarga mo‘ljallangandi.