O‘zbekiston va AQSh muhim foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzoladi

O‘zbekiston AQSh hukumati bilan muhim foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur qadam AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyning strategik resurslar va ularning yetkazib berish zanjiridagi ustunligini muvozanatlash siyosati doirasida amalga oshirildi.
Bitimga ko‘ra, muhim foydali qazilmalar zanjirining barcha bosqichlariga sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Bunga geologik qidiruv, qazib olish va qayta ishlash kiradi. Shuningdek, kelgusida foydali qazilmalar va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun AQSh–O‘zbekiston qo‘shma investitsiya xolding kompaniyasini tashkil etish taklif qilindi.
Donald Tramp hokimiyatga qaytgach, AQSh Markaziy Osiyoning besh davlati bilan aloqalarni faollashtirdi. O‘tgan yil noyabr oyida Tramp O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilarini Oq uyda qabul qilgan edi. Shu oy boshida esa 11 davlat, jumladan O‘zbekiston bilan muhim foydali qazilmalar bo‘yicha dastlabki memorandumlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlangani haqida xabar berilgandi.