O‘zbekistonda AQShning qariyb 340 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda

eʼlon qilindi
Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlandi
Foto: Prezident matbuot xizmati

18-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston – AQSh strategik sherikligini yanada mustahkamlashning amaliy jihatlari hamda ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri ekani qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi $1 milliarddan oshgani, mamlakatimizda AQShning qariyb 340 ta kompaniyasi faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati $35 milliardga teng uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida ham ishlar davom etayotgani bildirildi. Tashrif doirasidagi biznes tadbirlarda yana qator kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Tomonlar ustuvor loyihalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashi imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligini qayd etdi. Savdo aloqalarini kengaytirish hamda O‘zbekiston hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon oyi bilan tabriklagani haqida yozgandi.

Shuningdek