
17-fevralda imzolangan prezident farmoniga asosan, BMT shartnomaviy qo‘mitalarining vaqtinchalik choralar to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, BMT qo‘mitalaridan kelib tushgan murojaat Tashqi ishlar vazirligi orqali qabul qilingach, bir kun muddatda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Adliya vazirligiga yuboriladi. Markaz zudlik bilan mas’ul davlat organlariga so‘rovnoma kiritib, vaziyat yuzasidan tezkor choralar ko‘rishni va asoslantirilgan tushuntirish berishni talab qiladi.
Davlat organlari uch kun ichida amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan Markazga hisobot taqdim etishi lozim. Shundan so‘ng, Markaz ishchi guruh bilan hamkorlikda to‘plangan ma’lumotlar asosida yana uch kun ichida Hukumatning rasmiy nuqtai nazarini shakllantiradi va uni TIVga taqdim etadi.
Yakuniy bosqichda Tashqi ishlar vazirligi ikki kun muddatda Hukumatning rasmiy javobini BMTning tegishli shartnomaviy qo‘mitalariga yo‘llaydi. Ushbu mexanizm xalqaro huquqiy majburiyatlarning bajarilishida tezkorlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda o‘lim jazosini ijro etish soni oshgani haqida xabar bergan edi.