Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev AQSh savdo vakili bilan JSTga a’zolikni muhokama qildi

Jeymison Grir bilan
Foto: Prezident matbuot xizmati

18-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev AQSh savdo vakili Jeymison Grir bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlari, JSTga a’zolik masalalarini muhokama qilishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda qo‘shma loyihalar doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning amaliy natijalari muhokama qilindi. O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlari, avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida barqaror rivojlanayotgani qayd etildi.

Tomonlar o‘zaro savdoni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaralarini mamnuniyat bilan ta’kidladi. O‘tgan yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1 milliarddan oshgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirish hamda AQSh tomonidan ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlash muhimligi alohida qayd etildi.

Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik tartibga solish va raqamli savdo yo‘nalishlarida mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni faollashtirish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Jeymison Grirni joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuvdan boshlangani haqida yozgandi.