Avto

Test-drayv: Changan CS75 Plus qorda sinovdan o‘tdi — video

Qozog‘istonlik blogerlar Changan CS75 Plus’ni sinab ko‘rdi
Test-drayv: Changan CS75 Plus qorda sinovdan o‘tdi
Ekran tasviri youtube.com/@PM10_Pavel_Max

Qozog‘istonlik blogerlar Pavel va Maks yangi videosida Changan CS75 Plus’ni chuqur va nam qor sharoitida sinab ko‘rdi. Ular avtomobilning to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi qanday ishlashini amalda tekshirdi.

Texnik jihatlar va mufta ishlashi

Ekran tasviri youtube.com/@PM10_Pavel_Max

Changan CS75 Plus 2 litrli Blue Core dvigateli va 8 pog‘onali AISIN avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Tortishni taqsimlash uchun BorgWarner’ning oltinchi avlod muftasi qo‘llanilgan.

Tizim ABS va ESP datchiklaridan ma’lumot olib ishlaydi. Old g‘ildiraklar sirpansa, elektronika avtomatik ravishda orqa o‘qni ulaydi. Zarurat tug‘ilganda momentning 50 foizigacha orqa g‘ildiraklarga uzatiladi. Blogerlar fikricha, bu texnologiya Volvo va BMW modellari ishlatadigan tizimlarga yaqin.

Qor, grunt va qum rejimlari

Ekran tasviri youtube.com/@PM10_Pavel_Max

Sinov davomida «qor», «grunt» va «qum» rejimlari tekshirildi. Avtomobilning klirensi taxminan 20 sm bo‘lib, chuqur izdan ishonch bilan chiqishga yetarli bo‘ldi.

Chuqur qorda eng samarali rejim «qum» bo‘ldi. Bu rejim dvigatelga ko‘proq aylanish va moment beradi. Natijada to‘rtala g‘ildirak doimiy ishlaydi va elektronika dvigatelni cheklamaydi.

Afzalliklari

Ekran tasviri youtube.com/@PM10_Pavel_Max

Avtomobil uzoq vaqt qorli maydonda harakatlanganda ham qizib ketmadi. Mufta barqaror ishladi va xatolik bermadi. Elektron tizim tortishni o‘zi boshqarib, haydovchiga yordam berdi. Krossover yarim g‘ildirak balandligigacha bo‘lgan qorda erkin harakatlana oldi.

Kamchiliklari

Changan CS75 на БЕЗДОРОЖЬЕ! Проверяем ПОЛНЫЙ привод. Обзор 4WD от PM10

ESP tizimi maxsus rejimlarda ham sirpanishni cheklashga harakat qiladi. Bu esa haydovchiga to‘liq nazorat hissini bermaydi. Harakat rejimlari multimedia orqali boshqariladi, jismoniy aylantirgich yo‘q. Bu esa og‘ir sharoitda noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Sinov natijalariga ko‘ra, Changan CS75 Plus qishki sharoitda o‘zini ishonchli tutdi, biroq to‘liq yo‘ltanlamas darajasida emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Changan yangi batareyalarni joriy qilayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Bu batareyalar an’anaviy litiy-ion tizimlarga nisbatan arzon va ekologik xavfsizroq hisoblanadi. Ular kamyob litiy o‘rniga keng tarqalgan natriydan foydalanadi.