
Toshkent shahrida narkotik moddalar tayyorlanadigan laboratoriya fosh qilinib, katta miqdorda giyohvandlik vositalari musodara etildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Yuqori Chirchiq tumanida harakatlanayotgan «Spark» avtomashinasida 1993, 1994 va 1995-yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxsdan 37 dona «Tropikamid» va 124 dona pregabalin kapsulalari topildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxs «zakladka» tarzida qo‘ygan 1 186 dona «Pregabalin» va 125 dona «Tropikamid» olib qo‘yilgan. Ular dorilarni Sergeli tumanidagi narkolaboratoriyadan olgan.
Laboratoriyada 4 nafar shaxs dorilar tayyorlayotgani aniqlanib, uy va laboratoriyadan 5 130 dona «Pregabalin» kapsulalari, 10 kg «Pregabalin», 75 dona flakonda «Tropikamid» va 6 kg «Tropikamid» moddalari, shuningdek, 60 ming dona bo‘sh kapsula va flakonlar musodara qilindi.
Bundan tashqari, 1987-yilda tug‘ilgan shaxsning Shayxontohur tumanidagi uyi va avtomashinasidan 16 227 dona «Pregabalin», 7 947 dona «Regapen», 35 dona «Lirica» va 14 dona «Perge» jami 24 223 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilindi.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchilarga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Farg‘ona viloyatidagi jinoiy sheriklarni aniqlash ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ijara uyini narkolaboratoriya qilgan talabalar va 9 «zakladchik» ushlangan edi.