
Toshkent shahrida ochiq olovda — tandir, pech va mangalda taom tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish obyektlari ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, sanitariya va ekologiya talablari asosida somsaxonalar, kabobxonalar hamda boshqa ovqatlanish nuqtalarida reydlar o‘tkazilmoqda. Xususan, chiqindilarni tozalash va tutunni chiqarish tizimlarisiz faoliyat yuritayotgan, shuningdek, tandir va mangallarni piyodalar yo‘laklari yoki turar-joy binolari yaqiniga joylashtirgan shoxobchalar aniqlanmoqda.
Bunday obyektlar faoliyati qonun hujjatlariga to‘liq muvofiqlashtirilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi.
Hokimlikka ko‘ra, filtrlash va samarali tutun chiqarish tizimlarining yo‘qligi aholi salomatligiga xavf tug‘diradi, shahar ekologik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi hamda fuqarolarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Tadbirkorlarga qisqa muddatda faoliyatni qonuniylashtirish, sanitariya me’yorlariga rioya qilish, zamonaviy filtr va tutun chiqarish tizimlarini o‘rnatish hamda texnologik jarayonlarni ekologik talablarga moslashtirish tavsiya etildi.
Nazorat tadbirlari davom ettiriladi va aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Fuqarolar shikoyat va murojaatlarini poytaxt sanitariya-epidemiologiya xizmati boshqarmasining 71 248-12-43 ishonch telefoni yoki Telegram’dagi @sanepidmurojaatbot orqali yuborishlari mumkin.
Tumanlar kesimida ishonch telefonlari:
| Tuman nomi | Ishonch telefoni |
|---|---|
| Bektemir | 71 295-02-50 |
| Yakkasaroy | 71 254-64-26 |
| Mirobod | 71 283-36-21 |
| Yunusobod | 71 221-77-40 |
| Yashnobod | 71 289-77-31 |
| Olmazor | 71 246-62-17 |
| Shayxontohur | 71 244-21-84 |
| Mirzo Ulug‘bek | 71 269-75-25 |
| Sergeli | 71 258-33-80 |
| Uchtepa | 71 217-22-85 |
| Chilonzor | 71 278-50-78 |
| Yangihayot | 55 517-17-15 |
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi 87 ta sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chirilishi haqida yozgandi.