Yangiliklar

Volkswagen Scout brendini qayta ishga tushirishni 2028-yilgacha kechiktirmoqchi

Kechikish sabablari qatorida texnik muammolar hamda o‘zgaruvchan iqtisodiy sharoitlar tilga olinmoqda
Foto: Volkswagen

Volkswagen Group o‘zining yangi sho‘ba korxonasi Scout Motors faoliyatini boshlash muddatini kamida 2028-yilgacha surishi mumkin. Bu haqda Der Spiegel nashri xabar berdi.

Dastlab kompaniya to‘liq elektr SUV va pikap modellarini 2027-yilda taqdim etishni rejalashtirgan edi.

Manbalarga ko‘ra, kechikish sabablari qatorida texnik muammolar hamda o‘zgaruvchan iqtisodiy sharoitlar tilga olinmoqda.

Elektrdan gibrid yechimiga o‘tish

Scout brendi aslida 1960–1980-yillarda International Harvester tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘ltanlamas avtomobil sifatida mashhur bo‘lgan. Volkswagen uni zamonaviy, to‘liq elektr transport vositasi sifatida qayta tiklashni rejalashtirgan va 2024-yil boshida Blythewood (Janubiy Karolina)da yangi zavod qurilishini boshlagan edi. Qurilish ishlari o‘tgan yili deyarli yakunlangani aytiladi.

Foto: Volkswagen

Biroq 2025-yilda AQSh Kongressi Inflation Reduction Actni bekor qilgani elektr avtomobillar uchun ajratilgan muhim subsidiyalarning yo‘qolishiga olib keldi. Bu esa loyiha iqtisodiy modelini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Foto: Volkswagen

Xabarlarga ko‘ra, Scout endilikda faqat batareyali elektromobillarga emas, balki range-extender texnologiyasiga — ya’ni kichik benzin generatori yordamida batareyani harakat davomida zaryadlaydigan tizimga o‘tishni ko‘rib chiqmoqda. Bu yondashuv og‘ir pikap segmentida masofa muammosini kamaytirishga qaratilgan.

Scout Motors rasmiy vakili loyiha bo‘yicha aniq muddatlar yoki mahsulot yangilanishlari haqida izoh bermagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ikki milliondan ortiq Volkswagen endi xavfni oldindan ko‘rishi haqida yozgandi.