Sport

YChL: «Nyukasl» safarda yirik g‘alabaga erishdi, «Atletiko» Belgiyada durang o‘ynadi

YChLda pley-offning birinchi uchrashuvlari o‘tkazildi
Foto: UEFA

UEFA Chempionlar ligasining pley-off bosqichi doirasidagi dastlabki o‘yinlarda «Nyukasl Yunayted» safarda Ozarbayjonning «Qorabog‘» klubini 1:6 hisobida tor-mor etdi. «Bryugge» va «Atletiko Madrid» o‘rtasidagi bahsda jangovar durang qayd etilgan bo‘lsa, «Bayer Leverkuzen» Gretsiyada «Olimpiakos» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.

«Qorabog‘» 1:6 «Nyukasl Yunayted»

Boku shahridagi Tofiq Bahramov nomidagi Respublika stadionida o‘tgan uchrashuvda «Nyukasl Yunayted» raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. O‘yinning dastlabki bo‘limidayoq mehmonlar 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Uchrashuv qahramoni Entoni Gordon bo‘lib, u birinchi bo‘limning o‘zidayoq poker qayd etdi.

Карабах — Ньюкасл. Обзор матча Лиги чемпионов. 18.02.2026

Gordon o‘yinning 2-daqiqasida hisobni ochdi va keyinchalik 32, 33 hamda 45+1 daqiqalarda darvozani ishg‘ol qildi. Shuningdek, 8-daqiqada Malik Tiav ham o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar biroz faollashib, 54-daqiqada Elvin Jafarquliyevning goli evaziga hisobni qisqartirishdi.

Foto: UEFA

Biroq 72-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Jeykob Merfi uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, yakuniy hisobni 1:6 ko‘rinishiga keltirdi. Ushbu natija «Nyukasl» tarixidagi Chempionlar ligasi doirasidagi eng yirik g‘alaba bo‘ldi, Entoni Gordon esa klubning ushbu musobaqadagi eng yaxshi to‘purariga aylandi.

«Bryugge» 3:3 «Atletiko Madrid»

Foto: UEFA

Belgiyada kechgan bahs dramatik voqealarga boy bo‘ldi. Diyego Simeone boshchiligidagi «Atletiko Madrid» birinchi bo‘limda Xulian Alvares va Ademola Lukman gollari evaziga 0:2 hisobida oldinda borayotgan edi. Biroq tanaffusdan so‘ng mezbonlar o‘yin tizginini o‘z qo‘llariga olishdi. Rafael Onyedika va Nikolo Tresoldi kiritgan gollar hisobni tenglashtirdi.

Брюгге — Атлетико. Обзор матча Лиги чемпионов. 18.02.2026

O‘yin yakunlanishiga yaqin, 79-daqiqada Joel Ordonesning avtogoli «Atletiko»ni yana hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo «Bryugge» taslim bo‘lmadi va 89-daqiqada Kristos Szolisning goli evaziga 3:3 hisobidagi durangni saqlab qoldi. Ikkala jamoa ham keyingi bosqich masalasini Madridda bo‘lib o‘tadigan javob o‘yinida hal qiladigan bo‘ldi.

«Olimpiakos» 0:2 «Bayer Leverkuzen»

Foto: UEFA

Gretsiyadagi Georgios Karaiskakis stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniyaning «Bayer Leverkuzen» klubi ishonchli o‘yin namoyish etdi. Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi, garchi «Olimpiakos» hujumchisi Ayub El-Kaabi hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda gol urgan bo‘lsa-da, VAR tizimi ofsayd sababli golni bekor qildi.

Олимпиакос — Байер. Обзор матча Лиги чемпионов. 18.02.2026

Uchrashuv taqdirini ikkinchi bo‘limda Patrik Shik hal qildi. Chexiyalik hujumchi atigi 144 soniya ichida 60 va 63-daqiqalarda dubl qayd etib, jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi. Bu g‘alaba «Bayer» uchun Chempionlar ligasining pley-off bosqichidagi safar o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan dastlabki muvaffaqiyat bo‘ldi va javob o‘yini oldidan jiddiy ustunlikni ta’minladi.

Foto: UEFA

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Budyo-Glimt» kutilmaganda «Inter»ni mag‘lubiyatga uchratgani haqida xabar bergan edi.