
2024-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt avtomobili deyarli yangi Tracker narxida sotuvga chiqarildi. Mashina avtomat uzatma bilan jihozlangan.
Rangi oq, yonilg‘i turi gaz/benzin. Yurilgan masofasi («probegi») 29 ming km. Egasi bitta. Sotuvchi mashinani o‘zi uchun qayta yig‘ganini bildirgan. Old va orqa bamperlar boshqa model uslubida o‘zgartirilgan.

Salon ham to‘liq yangilangan. Ichki qismda 13 dyuymli katta monitor o‘rnatilgan. Avtomobilga qo‘shimcha tarzda zamonaviy rul qo‘yilgan.

Mashina yaxshi holatda ekani aytilgan. Kuzovda bo‘yalgan joylari yo‘qligi ta’kidlangan. Qo‘shimcha jihozlar sifatida parktronik, elektrooynalar, signalizatsiya va konditsioner mavjud.

Sotuvchi avtomobilni dadasining tug‘ilgan kuniga olmoqchi bo‘layotgan model uchun pul yetmayotgani sabab sotayotganini bildirgan. Sotuv narxi $16,6 ming. Bu O‘zbekiston sharoitida yangi Tracker narxiga yaqin.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning noyabr oyida yangi Chevrolet Cobalt uchun shartnomalar ochilgandi. Unga ko‘ra, modellarning tavsiya etilgan chakana narxlari quyidagicha:
- Cobalt Midnight MCM – 165 200 000 so‘m.
- Cobalt Style MCM – 156 100 000 so‘m;
Shuningdek, Cobalt O‘zbekistonda eng ko‘p sotiladigan model hisoblanadi. 2025-yilda ushbu modeldan 128,5 ming dona sotilgan. Ikkinchi o‘rinda esa ko‘p yillardan beri deyarli o‘zgarmagan Chevrolet Damas turibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar bu vaziyatni hazil tariqasida «Chevroletston» deb atadi.