
Realme Hindistonda yangi Realme P4 Lite modelini rasman namoyish qildi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi. Uning narxi $90 dan boshlanadi, u himoyalangan korpus va katta sig‘imli batareya bilan ajralib turadi.
Smartfon 6300 mAch batareya bilan jihozlangan. Zaryadlash quvvati 15 Vtni tashkil etadi. Qurilma MIL-STD-810H harbiy standarti bo‘yicha sertifikatdan o‘tgan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, 1,8 metr balandlikdan tushishga va 33 kg bosimga bardosh beradi.

Korpus ArmorShell Protection texnologiyasi asosida mustahkamlangan. IP54 darajasidagi himoya esa qurilmani chang va suv sachrashidan saqlaydi. Orqa panelda 9 rang va 5 rejimga ega Pulse Light yorug‘lik halqasi joylashgan. U bildirishnomalar va qo‘ng‘iroqlar indikatori sifatida ishlaydi.

Realme P4 Lite 6,67 dyuymli IPS displeyga ega. Ekran HD+ aniqlik va 90 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma Unisoc T7250 protsessori asosida ishlaydi. Operativ xotira 4 GB. Ichki xotira 64 yoki 128 GB. microSD karta orqali 2 TB gacha kengaytirish mumkin.
Asosiy kamera 13 megapikselli, old kamera esa 5 megapikselli. Smartfon Android 15 va Realme UI 6.0 interfeysida ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Realme P4 Lite 4G kuchli batareya bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.