Yangiliklar

Afg‘onistondagi erkaklarga xotinlarini kaltaklashga rasman ruxsat berildi

Agar tan jarohati og‘ir deb topilsa, erkakka atigi 15 kun qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin
Afg‘onistondagi erkaklarga xotinlarini kaltaklashga rasman ruxsat berildi
Foto: Honan Family law

Tolibon Afg‘onistondagi erkaklarga xotinlarini kaltaklashga rasman ruxsat berdi. Bu haqda NDTV portali mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.

Yangi kodeksga ko‘ra, er xotinini va farzandlarini jismonan jazolashi mumkin. Biroq suyak sinishi yoki ochiq yara bo‘lmasligi shart. Agar tan jarohati og‘ir deb topilsa, erkakka atigi 15 kun qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Ayol sudda zo‘ravonlikni isbotlashi kerak. U sudyaga jarohat izlarini ko‘rsatadi. Sud jarayonida ayol to‘liq yopiq holda bo‘lishi va er yoki erkak hamroh bilan kelishi talab etiladi.

Kodeksda ijtimoiy tabaqalarga qarab jazoni belgilash tizimi ham joriy etilgan. Jamiyat ulamolar, elita, o‘rta tabaqa va quyi tabaqaga ajratilgan. Bir xil jinoyat uchun jazo ayblanuvchining maqomiga qarab farq qiladi.

Masalan, diniy ulamo jinoyat sodir etsa, unga faqat nasihat beriladi. Elita vakiliga sudga chaqiruv va ogohlantirish qo‘llanadi. O‘rta tabaqa uchun qamoq jazosi nazarda tutilgan. Quyi tabaqa vakillari esa qamoq bilan birga jismoniy jazoga ham tortilishi mumkin.

Yangi 90 betlik kodeks 2009-yilda qabul qilingan «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish to‘g‘risida»gi qonunni bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida qonli otishma sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.