
Dunyo bo‘ylab bolalar orasida tirik tabiatdan umumiy qo‘rqish hissi, ya’ni biofobiya holatlari ortib bormoqda. Bunga asosiy sabab sifatida urbanizatsiya, raqamli muhit va ochiq havoda kam vaqt o‘tkazish ko‘rsatilmoqda.
Shvetsiyadagi Lund universiteti mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, biofobiya faqat o‘rgimchak yoki ilonlardan emas, umuman tabiatdan qo‘rqishni anglatadi. Tadqiqot rahbari Yoxan Kyellberg Yensenning ta’kidlashicha, global aholining aksariyati megapolislarda yashayotgani kelajak avlodlarda biofobiya rivojlanish xavfini oshiradi.
Psixolog Dirk Shtemperning fikricha, odamlarning tabiatdan begonalashuvi 1970-yillarning oxiridan boshlangan. Bolalar asosan yopiq xonalarda va raqamli muhitda vaqt o‘tkazmoqda. Shuningdek, kattalar tomonidan aytiladigan «Kanadan ehtiyot bo‘l» yoki «Teginma!» kabi ogohlantirishlar bolalarda tabiatni xavf sifatida qabul qilishga olib keladi.

Biofobiya iqlim o‘zgarishi va turlarning yo‘qolib borishi kabi muammolarga e’tiborsizlikni keltirib chiqarishi mumkin.
«Atrof-muhit, iqlim va tabiatni himoya qilishga tayyorlik, agar biz u bilan bog‘liqlikni his qilsakkina ancha yuqori bo‘ladi», – dedi psixolog va iqlim faoli Lea Dom.
Pedagog Syuzanna Zigl ham bolalarda tabiatga nisbatan qo‘rquvni kuzatganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, psixologlarning ta’kidlashicha, tabiat qo‘ynida bo‘lish inson holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, o‘rmon va tabiat diqqatni jamlashni yaxshilaydi, hissiy barqarorlikka hissa qo‘shadi va stressni kamaytiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda bodom gullagani haqida xabar bergan edi.