Dam olish kunlari O‘zbekistonga salqin havo massalari kirib keladi

Dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston tomondan nam va salqin havo massalari kirib keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» ma’lum qildi.
Xususan, 21-fevralga o‘tar kechasi va ertalab respublikaning ko‘pchilik hududlarida yomg‘ir yog‘adi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysida yomg‘ir ertalab va kunning birinchi yarmida yog‘adi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Shamol tezligi 7–12 m/s bo‘ladi. Ayrim hududlarda 13–18 m/s gacha, ba’zida 20–25 m/s gacha kuchayishi mumkin. 21-fevral kuni kunduzgi harorat 9–14 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
22-fevral, yakshanba kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 15–18 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Dam olish kunlari kechasi va ertalab ayrim joylarda tuman tushishi mumkin.
Poytaxtda ob-havo qanday bo‘ladi
Toshkentda 21-fevral kuni kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 11–13 daraja iliq bo‘ladi.
22-fevral kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi 3–5 daraja iliq, kunduzi 14–16 daraja iliq bo‘ladi.
Shamol o‘zgaruvchan yo‘nalishda 3–8 m/s tezlikda esadi. 20-fevral kechqurun va 21-fevral kuni 10–12 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 21 – 22-fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sabab respublikaning ayrim tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilingandi.