
Yil oxirigacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari hamda SIM-kartalar sonini onlayn tekshirish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda 2026-yilgi davlat dasturida keltirilgan.
Yangi xizmat orqali foydalanuvchilar o‘z nomiga nechta bank kartasi va nechta mobil aloqa raqami ochilganini bir joyda ko‘ra oladi. Bu esa firibgarlik holatlarining oldini olish va shaxsiy ma’lumotlar ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, agar fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lmagan yoki foydalanilmayotgan karta yoki raqamni aniqlasa, portal orqali ularni yopish uchun ariza yuborish imkoniga ega bo‘ladi.
Tizim banklar va mobil aloqa operatorlarining axborot bazalari bilan xavfsiz API integratsiyasi orqali bog‘lanadi. Bu esa ma’lumotlarning real vaqt rejimida almashinishini ta’minlaydi.
Mazkur loyihaning ijrosi uchun asosiy mas’ul etib Raqamli texnologiyalar vazirligi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan masofaviy xizmat ko‘rsatuvchi 28 ta bankda kiberxavfsizlik talablari kuchaytirilgani haqida yozgandi.