
Horse Powertrain 100 foiz qayta tiklanuvchi benzin bilan ishlovchi yangi gibrid kuch qurilmasini namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi. U Geely brendining hamkori hisoblanadi. Kompaniya birinchi namoyish avtomobilini 2026-yil boshida taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Horse Powertrain 2024-yilda tashkil etilgan. U Geely va Renault Group ichki yonuv hamda gibrid texnologiyalarini birlashtirgan alohida yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ulushlar 45 foizdan Geely va Renault’ga, 10 foizi esa Aramco ga tegishli. Kompaniya Renault, Geely Auto, Volvo Cars, Nissan, Mitsubishi Motors va Proton brendlari uchun tizimlar yetkazib beradi.
Yangi tizim H12 gibrid dvigateli konsepsiyasiga asoslangan. U Ispaniyaning Repsol bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, dvigatelning maksimal issiqlik samaradorligi 44,2 foizga yetadi.
WLTP sinovlarida yonilg‘i sarfi 100 kilometrga 3,3 litrdan kam bo‘lgani aytilmoqda. Bu 2023-yil Yevropa bo‘yicha o‘rtacha yangi yengil avtomobillarga nisbatan qariyb 40 foiz past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Dvigatel 17:1 siqish darajasi, yangilangan gazlarni qayta aylantirish tizimi va optimallashtirilgan turbina bilan jihozlangan. Shuningdek, gibrid uzatma moslamasi qayta sozlangan.
Tizim to‘liq qayta tiklanuvchi xomashyo asosida ishlab chiqarilgan benzin bilan ishlaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 12 500 km yurgan o‘rta o‘lchamdagi avtomobil an’anaviy benzinli modelga nisbatan taxminan 1,77 tonna CO₂ kam chiqaradi.
Hozircha ikkita prototip yig‘ilib, sinovdan o‘tkazilgan. Birinchi namoyish avtomobili 2026-yil boshida ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Kompaniya dunyo bo‘yicha 17 ta zavod va 5 ta ilmiy-tadqiqot markaziga ega. Bu loyiha gibrid texnologiyalar elektr modellari bilan birga rivojlanishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy Starshine 6 avtomobili yangilangani haqida yozgan edi.