Hisobchi 746,8 mln so‘mni o‘zlashtirgani fosh etildi

Toshkent viloyatida hisobchi 746,8 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «V.F.» MChJ hisobchisi E.A. ilgari sudlangan shaxs ekani ma’lum bo‘lgan.
U «M.R.» va «I.G.» MChJ mas’ullari bilan til biriktirgan. E.A. «V.F.» MChJ rahbari R.S.ning elektron kalitidan foydalangan. Rahbarning xabarisiz tibbiy buyumlar xaridi uchun soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shu asosda jami 746,8 mln so‘m «M.R.» va «I.G.» MChJ hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Biroq 298,9 mln so‘mlik mahsulot xarid qilinmagan. Mablag‘lar naqdlashtirilib, talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, 228-modda bo‘yicha ham tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda ushbu ish yuzasidan tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 2 mlrd so‘mlik kontrafakt mahsulotlar savdosining oldi olingani haqida yozgan edi.