Gadjetlar

iPhone 17 Pro Max eng ko‘p trade-in qilingan smartfonga aylandi

Top-20 qurilmalar reytingida 11,5 foiz ulushni egallagan
Foto: Apple

Apple kompaniyasining flagman modeli iPhone 17 Pro Max qisqa vaqt ichida eng ko‘p topshirilayotgan (trade-in qilinayotgan) smartfonga aylandi. Bu haqda SellCell tahlillari e’lon qilindi.

iPhone 17 Pro Max mustaqil trade-in bozoridagi top-20 qurilmalar reytingida 11,5 foiz ulushni egallagan. Ma’lumotlar 40 ta mustaqil iPhone xaridorlari va ikkilamchi bozor narxlari asosida shakllantirilgan.

12 haftada ulush ikki baravar oshdi

Hisobotga ko‘ra, modelning top-20 reytingidagi ulushi noyabr oxiridagi 5,1 foizdan fevral boshiga kelib 11,5 foizga yetgan. Ya’ni, atigi 12 hafta ichida ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshgan.

Trade-in qilingan qurilmalarning 86 foizi «a’lo» yoki «yaxshi» holatda bo‘lgan. Bu esa ko‘plab foydalanuvchilar telefonni sotib olganidan ko‘p o‘tmay sotayotganini ko‘rsatadi.

Oldingi modellar ham faol sotilmoqda

Reytingda iPhone 15 Pro Max va iPhone 14 Pro Max modellari ham yuqori o‘rinda bo‘lib, har biri taxminan 7,3 foiz ulushga ega. iPhone 16 Pro Max va iPhone 13 esa 7,2 foizdan ulushni tashkil qilgan.

Top-20 qurilmalar umumiy trade-in faolligining qariyb 47 foizini tashkil etadi.

Qadrsizlanish darajasi pastroq

iPhone 17 Pro Max ishga tushirilganidan buyon 145 kun ichida o‘rtacha 25,4 foiz qiymatini yo‘qotgan. Shu davrda iPhone 16 Pro Max 32,5 foizga qadrsizlangan.

Bu yangi modelda qadrsizlanish 7 foizdan ko‘proq pastligini anglatadi va foydalanuvchilarga taxminan $95 gacha qo‘shimcha saqlanib qolgan qiymat beradi.

Nega ko‘pchilik sotmoqda?

SellCell ekspertlari erta trade-in holatlarini yuqori qayta sotish narxlari bilan izohlamoqda. Hozirda «a’lo» holatdagi iPhone 17 Pro Max o‘rtacha $967,50 ga baholanmoqda.

Mutaxassislar fikricha, premium smartfonlar qisqa muddatli aktiv sifatida ko‘rilishi mumkin. Zarur paytda ularni sotish orqali tezda naqd pul olish imkoniyati mavjud. iPhone 17 Pro Max’ning trade-in reytingida tez yetakchiga aylanishi kengroq iqtisodiy omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Malika»da iPhone 17 modellari arzonlashgani haqida yozgandi.