Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobar oshiriladi

eʼlon qilindi
Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobar oshiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Iqtisodiy salohiyat

Qoraqalpog‘iston ulkan maydoni va qazilma boyliklari bilan katta iqtisodiy salohiyatga ega. Hududda 270 mln tonna sement, 256 mln kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 mln tonna ohak, 31 mln kub metr keramzit, 30 mln kub metr qurilish qumlari, 27 mln kub metr g‘isht xomashyosi, 6,9 mln tonna shisha, 6,5 mln tonna gips va 4,3 mln tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan. Hududlarning uzoqligi va solishtirma ustunliklaridan samarali foydalanish, sog‘lom muhit va shaffof tizim yaratish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy o‘sish va eksport

So‘nggi yillarda hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm bo‘yicha 8-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarildi. Sanoat mahsulotining eksportga chiqishi 4 foizdan 30 foizga oshdi, umumiy eksport 2016-yilga nisbatan 3,5 karra oshib, $2,1 mlrdni tashkil etdi. Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trln so‘mga, aholi jon boshiga 51 mln so‘mga yetkazish va sanoat hamda xizmatlar sohasida $7,2 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Eksportni $900 mlnga yetkazish vazifasi belgilandi.

Foto: President.uz

Ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish

Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. «Og‘ir» toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Investitsiyalar va yirik loyihalar

Hududga investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish belgilandi. Yirik loyihalar qatoriga Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazi, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun texnologik klaster, bazalt tolasi ishlab chiqarish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida ko‘mirdan oltin ajratish fabrikasi, Taxtako‘pirda paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboyda ip-kalava ishlab chiqarish kiradi.

Foto: President.uz

Qishloq xo‘jaligi va yaylovlar

Hududdagi yer resurslaridan samarali foydalanish yetarli emas. Mavjud ekin maydonlarining atigi 2,5 foizi ishlatilmoqda, qolgan 16 million gektar deyarli ishlatilmayapti. Iqlimga mos yangi ekin turlarini yetishtirish, dorivor giyohlarni katta maydonlarda ekish va eksportni oshirish vazifalari belgilangan. Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘riladi, shu yil Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘lda chorva ozuqasini yetishtirish va saqlash loyihalari amalga oshiriladi.

Turizm va madaniyat

Turizm hududning asosiy drayverlaridan biriga aylantiriladi. «Borsa kelmas» tuz koni hududida turizm-rekreatsion zonasi, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida glemping zonalari tashkil qilinadi. Orol dengizi tarixi muzeyi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi. Joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 mln mahalliy sayyoh jalb etish rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Intellektual loyihalar va startaplar

IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etiladi. Sun’iy intellektni rivojlantirishga 5 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi, ma’lumotlarni qayta ishlash va «bulutli» imkoniyatlarni 10 karra oshirish rejalashtirilgan. Hududda $1 mlnlik 10 ta startap loyihasi boshlanadi, ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan har yili 30 mlrd so‘m ajratiladi.

Infratuzilma va logistika

2027-yilga qadar Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan «quruq port» Orol logistika markazi tashkil qilinadi. Infratuzilma loyihalari uchun joriy yilda 150 mlrd so‘m, kelgusi yillarda ichimlik suvi va kanalizatsiya, suv taqsimlash va yo‘l qurilishi loyihalariga qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev ipakchilik va pillachilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi.

Shuningdek